«ASL NAFIS» chinni va santexnika mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan ma’suliyati cheklangan jamiyati Samarqand shahri, M.Bedil ko’chasi, 17-uyda joylashgan. Korxona 1970 yilda barpo etilgan. 2009-2010 yillarda qayta rekonstruksiya qilingan.

Chinni Markaziy Osiyoda hamisha e’zozlanib, ardoqlanib kelingan. Ilgarilar chinni ishlab chiqarish yulga qo’yilmaganligi sababli yurtimizga chinni buyumlari asosan Rossiya va Xitoy mamlakatlaridan keltirilgan. Shu bois, 50 yillarda Toshkentda va 1970 yilda esa Samarqandda chinni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik korxona barpo etildi. O’sha davrlarda korxonada 3,5 ming nafar ishchi xodimlar faoliyat ko’rsatib kelgan. Samarqand chinni zavodi ishlab chiqargan nozik va nafis chinni buyumlari majmualari nafaqat Osiyo mamlakatlari, balki Yevropa mamlakatlarida ham keng shuhrat qozongan. Jumladan, zavodda ishlab chiqarilgan «Uzum» chinni servizi Chexoslovakiya Brno shahrida yevropalik chinnishunoslar tomonidan Oltin medal hamda maxsus diplom bilan taqdirlangan. Samarqand chinnisining ushbu xususiyati uning jahonda katta shuhrat qozonishiga sabab bo’lgan. Samarqand chinni buyumlari Yevropa va Osiyo chinni mahsuloti namunalaridan o’zining bejirim shakli, rang-barangligi hamda an’anaviy naqshlari bilan ajralib turgan. Bular «Medalondagi Paxta» qaxva majmui, «Atirgul» asaldoni, «Yangilik» qaxva majmui, «Shoyigul» asaldoni, «Behi gullaganda» sharqona majmui, «Atirgullar» ichimlik majmui, «Sharq guldastasi» konyak majmui, «Urgut naqshlari» osh servizi, «Sharq naqshlari» osh servizi, «Go’ri Amir» choy servizi, «Registon» vazasi, Balzamdonlar, «May» sharqona majmui, «Uzum» ichimlik servizi, «Jamol» choy dastasi, «Ertak» choynagi, «Nafis» ichimlik chini buyumlari, «Eron mavzui» qaxvadoni, «Tilla kori» lagani, «Anyutaning ko’zlari» qirrali vazasi, «Kristina» qirrali vazasi, «Qopkog’i buyurtma gullari bilan ishlangan kichik sandiq», Me’moriy uslubda ishlangan «Choy majmui», «Nasriddin» haykalchasi, «YoZ» vazasi va «Dur va atirgullar» shamdonlar shular jumlasidandir.

Korxona tomonidan mustaqillik yillarida kiritilgan investisiyalar natijasida, 2010 yilda Fransiya Respublikasidan, 2014 yil va 2018 yilda Xitoy Xalq Respublikalaridan chinni va santexnika mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan xalkaro standartlarga to’la javob beradigan pishirish pechlari, qoliblash stanoklari, bo’yash stanoklari va boshqa texnik uskunalar olib kiritilib, korxona to’la quvvat bilan ishlay boshladi. Korxonani ishga tushirish va jihozlash ishlarida Fransiya va Xitoy davlatlaridan kelgan mutaxassislar katta yordam berishdi.

Hozirgi kunda korxonamizda 400 nafar ishchi xodimlar bilan 39 turdan iborat yiliga 12,775 mln. dona chinni mahsulotlari ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Bundan tashqari, korxonamizda TF-20 va ShF-10G izolyatorlar, hamda yiliga 100 ming dona rakovina, chashagen va unitaz santexnika mahsulotlari to’liq mahalliy xom ashyolar asosida ishlab chiqarish yulga qo’yildi.

Chinni ishlab chiqarish jarayoni qorishma tayyorlash sexidan boshlanib, unda osh va choy servislari ishlab chiqarish uchun zarur chinni qorishmasi hamda sayqal tayyorlanadi. Chinni qorishmasi va sayqal uchun eritma doiraviy tegirmonlarda tayyorlanib, maxsus elaklardan o’tkaziladi, va magnitlash yo’li bilan boyitilib, yot unsurlardan tozalanadi. Qorishmalar filtrli va vakuumli presslarda quritilib, ma’lum muddat davomida saqlanadi. Shakl berishga tayyor bo’lgan qorishma toza matoda o’ralgan holda stolga ko’yilib, shakl beruvchi sexga, sayqal eritmasi esa xumdon sexiga pishirish uchun yuboriladi. Chinni qorishmasi va sayqal tayyorlash ustidan butun texnologik jarayon ustidan nazorat olib boriladi. Piyola, kosa, choynak kabi yumaloqsifat hamda yassi idishlar sanalgan tarelka, laganlar yarim avtomatli dastgohlarda qoliplanib boriladi. Ushbu mahsulotlar ikki bosqichda quritilib, 2% ko’p bo’lmagan namlikda ularga qo’l mehnati yo’li bilan yarim avtomatli dastgohlarda sayqal beriladi hamda xumdonlarda – Selsiy buyicha 1300-1320 darajadagi issiqlikda pishirish amalga oshiriladi. Pishirilgandan so’ng chini buyumlar guruhlarga ajratilib, so’ngra markalashtiriladi. Ana shundan keyingina mahsulotlar bezatish sexining qo’li gul ustalariga jilo berish uchun beriladi. Naqsh solish usullariga ko’ra, - aerograflar yordamida muayyan rangdagi bo’yoqlarni purkash, muhr yordamida rasm solish xoshiyalar chizish va albatta qo’l bilan naqshlar solish, kobalt bo’yoqlari bilan bezatish, maxsus ko’zalar (Vaza)ga fotosurat joylashtirib bezak berish amalga oshiriladi. Shundan so’ng, Selsiy bo’yicha 780-800 darajadagi issiqlikda maxsus pechda qayta pishiriladi. Tayyor mahsulotlar qadoqlash sexida qadoqlangandan so’ng, xaridorlarga yetkazib berish uchun tayyor mahsulotlar omboriga yuboriladi.

«Asl Nafis» korxonasining mahsulotlari o’zining chidamligi va yengilligi, ranglarining uyg’unligi va o’ziga xos sharqona naqshlari bilan ajralib turadi. Samarqand chinnisi o’z xususiyatiga ko’ra Yevropa va Sharq mamlakatlari namunalaridan umuman qolishmaydi. Ayniqsa, tillo suvida xoshiyalangan oq idishlar to’plami, «Utro», «Atlas», «Paxta» nusxa servizlar, «6+1 serviz», Titanli «Atirgul», Oq idishlar to’plamlari, qo’l uslubida sayqal berilgan «Zebo», «Atlas», «Paxta», «Atirgullar», «Shoxi Zinda», «Go’ri Amir» va «Registon» va bejirim hisoblangan Xitoy gullari aks ettirilgan chinnilari tobora chet davlatlariga eksport qilishga arzigulik mahsulotlar bo’lib turibdi. Hozirda korxonamiz tomonidan Kosa, Piyola, yumaloqsimon Salatnisa, to’rtburchaksimon Salatnisa, Tarelka, Lagan, Choynak, Mevadon, Sousnisa, Bokal, Tuzdon, Salfetnisa va Kuldonlar uzluksiz ishlab chiqarilmoqda.

Fransiya va Xitoy texnologiyalari asosida xalkaro standartlarga javob beradigan chinni mahsulotlarmiz hozirgi kunda qo’shni Qirgiziston, Qozog’iston, Tojikiston, Afg’oniston va Ozarbayjon davlatlariga eksport qilinmoqda.

«Asl Nafis» MChJning chinni idishlari xoh osiyolik bo’lsin, xoh yevropalik bo’lsin, o’ta talabchan va nozik ta’b xaridorning didiga mos keladi. Bizning chinni majmualarimiz har qanday bayram dasturxonining ko’rki va fayzi bo’lib xizmat qiladi, qadim va xamisha navqiron, afsonaviy Samarqand ruhi va nafasini takrorlab keladi.